Ona suti chaqaloqlar uchun tabiiy ozuqadir. Uning tarkibi har doim bolaning ehtiyojlariga mos keladi, sifati esa tabiatning o‘zi tomonidan nazorat qilinadi. Lekin shunday holatlar ham bo‘ladiki, ona kasalligi yoki boshqa sabablarga ko‘ra bolani ko‘krak suti bilan boqa olmaydi yoki uning suti yetarli bo‘lmaydi. Ana shunda bolani sutli aralashma bilan qo‘shimcha ovqatlantirishga yoki butunlay sun’iy ovqatlanishga o‘tkazishga to‘g‘ri keladi. Bunda bolalar aralashmasini tanlash - muhim va oson masala emas.
Yangi tug‘ilgan chaqaloqqa aralashma kerakligini qanday bilish mumkin

Bolaga sut yetishmasligini va uning qo‘shimcha ovqatlanishga muhtojligini obyektiv ko‘rsatadigan asosiy belgi - bu bolaning vaznida o‘sish bo‘lmasligi yoki vazn o‘sishi yosh me’yorlaridan ancha past bo‘lishidir.
Nazorat o‘lchashidan oldin bolaning och ekanligini quruq tagliklar ko‘rsatadi. Hayotining dastlabki oylarida chaqaloq har bir emizishdan so‘ng - kuniga 8-12 martadan 20 martagacha siyishi mumkin. Keskin hidli to‘q rangli siydik ham chaqaloqning to‘yib ovqatlanmayotganidan dalolat berishi mumkin.
Chaqaloqning gavdasini ko‘z bilan chamalab baholash, sutining ko‘kimtir rangi, boladagi bezovtalik, uning asl sababini aniqlamasdan turib, uni qo‘shimcha aralash ovqatlantirish yoki butunlay sun’iy ovqatlantirishga o‘tish uchun asos bo‘lmaydi. Yangi tug‘ilgan chaqaloqlarda sut yetishmovchiligi belgilari haqida batafsil ma’lumotni bu yerda o‘qishingiz mumkin.
Chaqaloqni ovqatlantirish uchun sut aralashmasidan foydalanish to‘g‘risidagi qat’iy qarorni faqat shifokor bilan maslahatlashgandan so‘ng qabul qilish kerak.
Aralashmani tanlashda nimalarga e’tibor berish kerak

Yangi tug‘ilgan chaqaloqlar uchun zamonaviy sut aralashmalari bolalar ovqatlanishiga moslashtirilgan bo‘lib, ularning tarkibi oqsillar, yog‘lar va uglevodlar jihatidan muvozanatlangan, shuningdek, bolaning yosh ehtiyojlariga mos ravishda vitaminlar, minerallar va boshqa qimmatli ozuqa moddalari bilan boyitilgan. Yangi tug‘ilgan chaqaloq uchun har qanday moslashtirilgan sut aralashmasi qaymog‘i olinmagan sut, qatiq mahsulotlari yoki manniy bo‘tqasidan afzalroq bo‘ladi. Biroq, ko‘plab aralashmalar orasidan aynan sizning farzandingizga eng maqbul keladiganini tanlash ma’qulroq. Avvalo, chaqalog‘ingizning o‘ziga xos xususiyatlarini inobatga olgan holda tegishli ovqatlanishni tavsiya etadigan pediatr bilan maslahatlashishingiz zarur.
Quyidagi holatlarga e’tibor qaratish lozim:
Bolaning yoshi. Kichkintoy hayotining butun birinchi yiliga mo‘ljallangan universal aralashmalar mavjud, ammo ma’lum bir yoshga mo‘ljallangan aralashmalardan foydalanish to‘g‘riroq bo‘ladi. Ular ancha zamonaviy bo‘lib, rivojlanishning har bir bosqichida go‘dak organizmining xususiyatlarini hisobga olgan holda tuzilgan.
Bola salomatligining holati. Agar chaqaloq butkul sog‘lom bo‘lsa, uni standart aralashma bilan boqish mumkin. Oilaviy anamnezi allergik kasalliklar bilan og‘irlashgan bolalar uchun gipoallergen aralashmasi tanlanadi. Sigir suti oqsilini chidamsizligi aniqlansa, gidrolizatli aralashmalardan foydalaniladi. Ovqat hazm qilish tizimi kasalliklari bo‘lgan bolalarning ahvolini korreksiyalash uchun davolash aralashmalari buyuriladi.
Aralashma tarkibi. Bolaning ovqat hazm qilishi qulay bo‘lishi uchun aralashmadagi oqsil miqdori 14 g/l dan oshmasligi va zardob fraksiyasi kazein fraksiyasidan ustun bo‘lishi kerak. Palma va raps moylari bo‘lmagan aralashmalarni tanlash kerak. Yog‘ komponenti ko‘krak sutidagi kabi sut yog‘i bilan ifodalangan bo‘lsa, bu optimal hisoblanadi. U ko’pto‘yinmagan omega-3 va omega-6 yog‘ kislotalarini o‘zlashtirishga yordam beradi va aralashmaga yoqimli sut ta’mini beradi. Omega-3 va omega-6 ning maksimal miqdori, o‘z navbatida, chaqaloqning miyasi va ko‘rish qobiliyatining rivojlanishiga yordam beradi. Probiotiklar va prebiotiklar, ulardan eng zamonaviylari ko‘krak suti oligosaxaridlari, foydali ichak mikroflorasining o‘sishini qo‘llab-quvvatlaydi, immunitetni mustahkamlaydi va allergiya rivojlanish xavfini kamaytiradi.
Aralashmaning qulayligi. Aralashma tez sarflanadi va istalgan vaqtda keyingi qadoqni sotib olish mumkin bo‘lishi muhimdir. Aralashmani almashtirish - bu har doim bola organizmi uchun stress, shuning uchun buni obyektiv sabablarsiz almashtirmaslik kerak.
Aralashma narxi. Eng qimmat narsa har doim ham eng yaxshisini anglatmaydi. O‘z byudjetingiz imkoniyatlarini tanqidiy baholang va xarajatlaringizning asosiy qatoriga aylanmaydigan narx toifasidagi mahsulotni tanlang.
Agar chaqaloq aralashmani tug‘ruqxonada olgan va uni yaxshi o‘zlashtirgan bo‘lsa, unda uyda ham o‘sha aralashma bilan boqishni davom ettirish kerak. Ovqatlanishni o‘zgartirish bola organizmi uchun stressdir, shuning uchun alohida asoslarsiz aralashmalarni o‘zgartirmaslik kerak.

Chaqaloqlar uchun aralashma 1. Aralashmadagi raqamlar nimani anglatadi
Ko‘pchilik standart aralashmalar qadoqlarida 1, 2, 3 yoki 4 raqamlari yirik shaklda ko‘rsatilgan. Bu raqamlar aynan qaysi yosh guruhidagi bolalar uchun mo‘ljallanganligini bildiradi. 1-raqamli aralashma yangi tug‘ilgan chaqaloqlardan olti oygacha bo‘lgan bolalarni ovqatlantirish uchun mo‘ljallangan.
2-raqamli aralashmalar 6 oylikdan bir yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun. 3 va 4-raqamli aralashmalar "bolalar suti" deb ataladi. Bular endi asosiy ovqat emas, balki bolaning asosiy ratsioniga qo‘shimcha sut mahsuloti hisoblanadi. 3-aralashmalar bir yoshdan oshgan bolalar uchun, 4-raqamlilari esa bir yarim yoshdan katta bolalar uchun mo‘ljallangan.
Выводы:
Agar ona sog‘lig‘i holati yoki boshqa obyektiv sabablar tufayli emizishga qodir bo‘lmasa, chaqaloqni sun’iy aralashmalar bilan ovqatlantirishga o‘tiladi. Nazorat tarozilari bolaga berilayotgan ozuqa yetarli emasligini ko‘rsatsa, qo‘shimcha ozuqa sifatida aralashma qo‘shiladi.
Aralashmani pediatr tavsiyasiga ko‘ra tanlash lozim, bundan tashqari bolaning yoshi, uning salomatligi holati, aralashmaning tarkibi, ommabopligi va narxini hisobga olish lozim.
Aralashmaning qadog‘idagi raqamlar ular mo‘ljallangan yoshni bildiradi: 1- 0-6 oylik, 2- 6-12 oylik, 3-bir yoshdan katta bolalar uchun, 4-bir yarim yoshdan katta bolalar uchun.