Gripp – bu virus, o‘tkir infeksion respirator, ya’ni nafas yo‘llari kasalligidir. U asoratlar tufayli xavfli bo‘lib, bolalarga og‘ir ta’sir qiladi. Gripp ushbu kasallikka chalingan odamdan havo-tomchi yoki aloqa orqali yuqishi, shuningdek, virus ma’lum vaqt davomida buyumlar yuzasida saqlanib qolishi mumkin. Yuqtirishni oldini olishning eng oddiy, ammo samarali usullaridan biri - qo‘llarni tez-tez yuvish. Grippdan ishonchli himoyalanish uchun yiliga bir marta emlash o‘tkaziladi.
Gripp alomatlari

Grippning o‘ziga xos xususiyati qisqa inkubatsiya davri va kasallikning to‘satdan boshlanishidir. Gripp belgilari bemor bilan aloqadan so‘ng bir necha soatdan 3-4 kungacha bo‘lgan oraliqda paydo bo‘lishi mumkin.
Gripp bilan og‘rigan bolalarda tana harorati keskin ravishda 39-40 °C darajasigacha ko‘tariladi. Bola qaltiray boshlaydi, o‘zini holsiz va darmonsiz sezadi, chakkasi, peshonasi va ko‘z atrofida bosh og‘rig‘i paydo bo‘ladi, mushak va bo‘g‘imlari zirqiraydi. Birinchi kunning oxiri yoki ikkinchi kunga kelib kasallik belgilari eng yuqori cho‘qqisiga yetadi. Bolaning uyqusi buziladi va ishtahasi yo‘qoladi. Ko‘ngil aynishi, qusish, qorin og‘rig‘i va ich ketishi kuzatilishi mumkin. Shuningdek, burun bitishi va undan oz miqdorda suyuqlik oqishi, yo‘tal, tomoq og‘rig‘i (ayniqsa yutinish paytida) paydo bo‘lishi mumkin.
Yangi tug‘ilgan chaqaloqlar va bir yoshgacha bo‘lgan bolalarda kasallikning dastlabki alomatlari unchalik yaqqol namoyon bo‘lmasligi mumkin: tana harorati asta-sekin ko‘tariladi, burun bitib qoladi, yengil yo‘tal paydo bo‘ladi, bola emishdan bosh tortishi mumkin. Lekin gripp erta yoshda og‘irroq kechadi, ko‘pincha asoratlar, jumladan yiringli asoratlar - o‘rta quloq yallig‘lanishi, pnevmoniya qo‘shilishi ehtimoli yuqori.
Bolalarda gripp kasalligi: qancha vaqt davom etadi?

Bolalarda gripp kasalligida tana haroratining ko‘tarilishi odatda 3-5 kun davom etadi. Harorat me’yoriga qaytgach, bolaning ahvoli yaxshilanadi. Agar harorat qaytadan ko‘tarilsa, bu bakterial infeksiya qo‘shilganini yoki boshqa o‘tkir nafas yo‘llari kasalligi boshlanganidan darak berishi mumkin.
Asoratlar bo‘lmagan hollarda gripp 7-10 kun davom etadi. Kasallikdan keyin 2-3 hafta mobaynida bolada tez charchash, asabiylashish kuzatilishi mumkin, shuningdek, uyqu buzilishi va bosh og‘rig‘i saqlanib qolishi ehtimoli bor.
Bolada gripp paytida tana haroratining qanday darajaga ko‘tarilishi tashvishli holat hisoblanadi?
Bolaning harorati 38,5°C dan oshganda, isitma tushiruvchi dori berish lozim. Agar harorat 38,5°C dan yuqori bo‘lib, pasaymasa - tez tibbiy yordam chaqirish zarur.
Xavf guruhidagi bolalarda tana haroratining 38°C dan boshlab ko‘tarilishi tashvish uyg‘otadi. Harorat ko‘tarilganda asoratlar rivojlanishi xavfi guruhiga quyidagi bolalar kiradi:
- tana harorati ko‘tarilganda febril tutqanoq bo‘lgan bolalarda;
- markaziy asab tizimi kasalliklari mavjud bo‘lgan bolalarda;
- qon aylanish tizimining surunkali kasalliklari bilan og‘rigan bolalarda;
- obstruktiv sindromga chalingan bolalarda;
- irsiy modda almashinuvi kasalliklari bilan og‘rigan bolalarda.
Bunday bolalarda haroratning har qanday darajada ko‘tarilishi va o‘zini yomon his qilishi – holsizlik yoki aksincha, bezovtalanish tashvish uyg‘otadi. Xavf guruhidagi bolada gripp belgilari paydo bo‘lishi bilanoq, albatta shifokorni chaqiring.
Boladagi grippni qanday davolash kerak?

Kasal bo‘lgan bola uchun tinch sharoit yaratish, unga ko‘p suyuqlik ichirish, xonani muntazam shamollatib turish, namlikni nazorat qilish kerak - u 40% dan past bo‘lmasligi lozim.
Tana harorati ko‘tarilganda yotoq rejimi yoki yarim yotoq rejimi tavsiya etiladi. Agar bola ovqat yeyishni xohlamasa, uni majburlamaslik kerak.
Ishtaha paydo bo‘lgach, yoshiga mos keladigan oson hazm bo‘ladigan taomlar berish lozim.
Bu muhim!
Kasallik paytida qo‘shimcha ovqat mahsulotlari qatoriga yangi mahsulotlar va taomlar kiritilmaydi.
Tana haroratini pasaytirish uchun ibuprofen, paratsetamol va ular asosidagi preparatlar qo‘llaniladi. Bolani xona haroratidagi suv bilan artish mumkin. Artish uchun spirt yoki sirka ishlatish qat’iyan man etiladi: bu vositalr bolalarda kuyish va zaharlanishga olib kelishi mumkin.
Tumov va burun bitishi holatlarida burunni tozalash va chayish uchun dorixona sharoitida tayyorlanadigan dengiz suvining steril eritmalaridan foydalansa bo‘ladi, zarur bo‘lganda qon tomirlarini toraytiruvchi ta’sir ko‘rsatadigan tomchilar qo‘llaniladi.
Virusga qarshi dorilar, tomoq og‘rig‘ida so‘riladigan tabletkalar, yo‘talda balg‘am ko‘chiruvchi va mukolitik vositalarni bolaga faqat shifokor tayinlashi lozim. Bolani o‘zingiz davolashga urinmang va dori-darmonlarni shifokor tavsiyasisiz qo‘llamang. Ularning zarari mumkin bo‘lgan foydasidan oshib ketishi mumkin.
Xulosa chiqaramiz:
Bolalarda gripp tana haroratining keskin ko‘tarilishi, titroq, bosh, mushak va bo‘g‘im og‘riqlari bilan boshlanadi. Bunga tumov, yo‘tal va tomoq og‘rig‘i kabi nafas olish yo‘llari bilan bog‘liq belgilar ham qo‘shilishi mumkin.
Grippda tana haroratining ko‘tarilishi 3-5 kun davom etadi, asoratsiz kechgan kasallik esa 7-10 kunda o‘tib ketadi.
Sog‘lom bolada gripp tufayli tana haroratining 38,5°C dan, xavf guruhidagi bolada esa 38°C dan yuqori ko‘tarilishi tashvishli holat hisoblanadi.
Kasal bo‘lgan bola uchun tinch sharoit yaratish va yetarli miqdorda iliq ichimlik berish, normal namlikni ta’minlash, xonani muntazam ravishda shamollatib turish, burnini dorixona sharoitida tayyorlanadigan dengiz suvining steril eritmasi bilan yuvish zarur. Tana harorati 38-38,5°C dan oshganda, isitma tushiruvchi dori berish kerak.