Top.Mail.Ru

Tug'ruq alomatlari

Submitted on: 13.12.2024
Time to read: 5 minut
count 164

Tug'ruq alomatlari nima va ular barcha ayollarda kuzatiladimi

Homiladorlikning oxirgi haftalarida har bir ayol tanasidagi o'zgarishlarni sabrsizlik bilan kutadi, chunki bu chaqaloq bilan uzoq kutilgan yaqinligini bildiradi. Ushbu o'zgarishlar tug'ruq alomatlari deb ataladi. Keling, bo`lajak ona uchrashuv yaqin ekanligini qanday bilib olishi mumkinligini va buni qanday belgilari borligini ko'rib chiqaylik.

предвестники родов 2.jpg

Qorin pasayishi 

Homila o'sishi bilan bachadon bo'shlig'idagi joy kamayib boradi, uning holati esa ixchamlashadi. Oyoqlari qorniga tortilgan, qo'llari ko'krak qafasining old tomonida kesishgan, iyagi ko'kragiga tegib turadi – bu embrion holati deb ataladi. Tug'ruqdan 2-3 hafta oldin homilaning oldinda keluvchi qismi, kichik chanoq tos suyagi kirish joyiga taqaladi. Ko'p hollarda oldinda keluvchi qism - homila boshi bo`ladi – bosh bilan oldinda joylashuv. Birinchi belgilarni ayol qanday ajratib oladi? Juda oson! Nafas qisishi kamayadi. Bu, ayniqsa, gorizontal holatda - yotganda seziladi. Agar shu paytgacha ayol yotganida nafasi qisilgan bo'lsa, boshi ostiga qo'shimcha yostiq qo'ygan yoki hatto kursida uxlagan bo'lsa, ma'lum bir kundan boshlab u avvalgidek - bitta yostiqda uxlashi mumkin. Ayol yurganida, minimal jismoniy harakat qilganida osonroq va erkinroq nafas olishni boshlaydi. Bachadonning diafragmaga bosim kamayib, o'pka osonroq kengayadi, o'pka sig`imi ortadi (lekin hali ham meyyoridan kam).

Akusher-ginekolog qabulida qorningiz tushganligi tasdiqlanadi. Shifokor nimalarga asoslanib bu xulosaga keladi? Har bir ko`rikda shifokor qorin aylanasini va bachadon tubining balandligini (Qov simfizi yuqori chetining o'rtasidan bachadon tubigacha bo'lgan masofa) o'lchaydi. Bu shifokor uchun juda muhim ko'rsatkichlar! Natijalar almashinuv kartasida qayd etiladi. Har bir tashrifda bachadon tubining balandligi va qorin aylanasining asta-sekin kattalashib borishi kuzatiladi. Ammo qabullarning birida, tug'ruqqa  yaqin, bachadon tubi balandligining pasayishi va qorin aylanasining sezilarli darajada kattalashgani kuzatiladi – qorin pasaydi!

Qorin tushgani haqida ayol yana qanday bilib olishi mumkin? Jig`ildon qaynashi. To'g'rirog'i, uning qaytalanishi va og’irligining kamayishi. Ayol jig`ildon qaynashi kamroq kuzatilayotganini, avvalgidek kuchli emasligini va kamroq vaqt davom etishini sezadi. Bachadon pasayadi. Oshqozonga endi kuchli bosim yo'q, o'n ikki barmoqli ichakka ovqat tezroq o’tadi va me'da  shirasining qizilo’ngachga qaytishi kamayadi.

Tez-tez siyish

Ha, homilador ayol hojatxonaga odatdagidan ko’proq hojatga chiqadi. Ammo qorinning pasayishi bilan siydik pufagiga bosim kuchayadi, uning hajmi kamayib, ayolda tez-tez hojatga chiqish  ehtiyoji paydo bo’ladi. Bunda bo`lajak ona siyish paytida noqulaylik va og'riq sezmaydi!
Qorin pasayishi kabi tug'ruq alomatlarini homilador ayol tug’ruqdan bir necha hafta (homiladorlikning 37-38 haftasida) yoki bir necha kun avval sezishi mumkin.
 

Yolg`on to’lg’oq (dardlar)

Tug'ruq alomatlari – yolg`on to’lg’oq, tug`ruqdan bir necha hafta (37-38 haftalikda) yoki biroz oldinroq paydo bo`ladi. Bu tug`ruq boshlanishi emas, balki yol`gon to’lg’oq ekanligini qayerdan bilish mumkin? Yolg`on to’lg’oq bir maromda bo`lmaydi, qaytalanishlar orasidagi oraliq bir xil emas. To’lg’oq orasidagi vaqt qisqarmaydi. Intensivligi ortmaydi. Yolg`on to’lgoq bachadon bo`ynining ochilishiga olib kelmyadi. Homilador ayol yolg`on to’lg’oqni qanday his qiladi? To’lg’oq, bachadon mushaklarining taranglashishi, og'irlik kabi seziladi. Agar qo'lingizni qoringa qo'ysangiz, tosh kabi qattiq bachadonni sezasiz. To’lg’oq tugaganidan so'ng, bachadon yumshoq va og'riqsiz bo'ladi. Yolg`on to’lg’oq ayolga noqulaylik tug'dirmaydi.

Vaznning kamayishi 

снижение массы тела при беременности.jpg

Bola tug'ilishidan bir necha kun oldin (taxminan 39-haftada) tana vaznining kamayishi yoki vazn ortishdan to’xtagani, tug'ruq alomatlaridan biri sifatida qayd etiladi. Bu tug'ruqdan oldin progesteron gormoni kontsentratsiyasining pasayishi bilan bog'liq. Progesteron - bu homiladorlik gormoni bo`lib, u homiladorlik davrining uzoq bo’lishini ta’minlaydi. Uning ta`sirlaridan biri suyuqlikni ushlab qolishdir. Progesteron darajasining pasayishi suyuqlikning organizmdan chiqib ketishiga olib keladi. Ha, tug'ruqdan avval homilador ayollarning vazni suyuqlik yo’qotishi tufayli kamayadi.

Bachadon bo'yni yetilishi

Bu homilador ayol his qila olmaydigan tug'ruq alomatlaridan biridir. Bachadon bo'yni og'riq retseptorlariga ega emas. Shuning uchun ham unda sodir bo'lgan barcha o'zgarishlar ayolga bilinmaydi. Butun homiladorlik davrida bachadon bo'yni zich yopilgan, uzunligi taxminan 3,0 sm, orqaga egilgan, birinchi tug`uvchilarda servikal kanal yopiq va qayta tug`uvchilarda barmoq uchi sig`adigan darajada ochiq bo`ladi. Tug'ruqdan oldin sodir bo'lgan gormonal o'zgarishlar natijasida bachadon bo'yni to'qimalari yumshaydi. Bachadon bo'yni yumshab, 1,5-2 sm gacha qisqaradi, tos o'qi bo'ylab joylashadi, birinchi tug`uvchilarda servikal kanal barmoq uchi sig`adigan darajada va qayta tug`uvchilarda ichki qismgacha kiradigan darajada bo`ladi. Bachadon bo'yni yetila boshlaydi. Bachadon bo'yni  yetilishi asta-sekinlik bilan boradi va tug'ruqdan bir necha kun oldin jarayon yakunlanadi.

Shilliq parda (probka) tushishi 

Har bir ayolda bachadon bo'yni servikal kanalida servikal suyuqlik mavjud. Uning asosiy vazifasi infeksiyaning bachadon bo'shlig'iga kirishiga yo'l qo'ymaslikdir. Servikal suyuqlik shaffof, quyuq va elastik bo`ladi. Tug'ruqdan oldin gormonal o'zgarishlar natijasida bachadon bo'yni yetiladi va u shilliq pardani ushlab tura olmaydi. Shilliq parda bir zumda yoki bir kun davomida chiqib ketishi mumkin. Ayol ichki kiyimida shaffof yoki oz miqdorda qon izlari bor, kichik hajmdagi elastik suyuqlikni ko`rishi mumkin. Shilliq parda ko'pincha tug'ruqdan bir necha kun oldin tushadi..

Tug`ruq alomatlari qaysi muddatda paydo bo'lishi mumkin?

Aksariyat ayollar homiladorlik paytida o’zidagi o'zgarishlarni e’tibor bilan kuzatishadi. Kimdir alomatlarni sezib, ular homiladorlikning qaysi muddatida paydo bo'lganini eslab qolishga harakat qilishadi. Ba'zi ayollar hech narsani sezmaydilar va shifokorga qo`rquv bilan savollar berishadi. Ba'zi ayollar esa ularni juda erta sezishadi va tashvishga tushadilar. Aslida, tug'ruq alomatlari - organizmning tug'ishga tayyorlanayotganligini ko'rsatadigan bilvosita belgilardir. Tug`ruq alomatlarining yo`qligi - patologiya emas. Bu ham norma. Hamma narsa individualdir. Biroq, ularning erta paydo bo`lishi ham sizni e`tiborliroq bo`lish va shifokor ko’rigiga borish uchun sabab bo'lishi kerak.

Birinchi tug`uvchilarda tug`ruq alomatlari

предвестники родов у первородящих.jpg

Birinchi tug`uvchilar homiladorlikka e’tiborliroq bo’lishadi. Ular o'zlari bilan sodir bo'layotgan har bir o'zgarishni eslab qolishga harakat qilishadi, ko'p o'qishadi, onalar maktablariga qatnashadi, har qanday manbalardan ma'lumot olishga harakat qilishadi, chunki sodir bo'layotgan hamma narsa ular uchun yangi va noma'lumdir. Populyatsiyada, birinchi tu`guvchi ayollarning tug'ruqqa tayyorgarlik ko'rish davri uzoqroqqa cho`zilish tendentsiya mavjud. Shu sababli, tug'ruq alomatlari qayta tug`gan ayollarga nisbatan, birinchi tug`uvchi ayollarda erta paydo bo'ladi. Bu birinchi marta ona bo'ladigan ayolning tanasi hali tug'ruqqa tayyorgarlik davrida sodir bo'ladigan o'zgarishlarga duch kelmagani bilan bog'liq. Uning organizmi uchun bu yangi, noma'lum holatlar. O'zgarishlar asta-sekinlik bilan kechadi, organizm ularni xuddi "o'rganib, eslab qolayotgandek" bo`ladi.

Qayta tug`uvchilarda tug`ruq alomatlari

Qayta tug`uvchi ayol tajribaga ega bo`ladi. U homiladorlikning qaysi muddatida ma'lum o'zgarishlar bo'lishi kerakligini biladi. Biroq, har bir homiladorlik nafaqat yangi insonning dunyoga kelishida, balki u davr qanday kechishi bilan ham o'ziga xos ekanligini tushunishimiz kerak. Xuddi avvalgi homiladorlik paytida shilimshiq probka tushadi, vazn kamayadi va nafas qisilishi yo'qoladi, deb o`ylash kerak emas. Har bir homiladorlik bu masalada individualdir. Agar birinchi homila bilan bo'lgan o’zgarishlar qaytalanmasa yoki yangi tug’ruq alomatlari paydo bo'lsa, bu meyyor doirasidagi holatdir. Qayta tug`uvchi ayollarda tug'ruq alomatlarining paydo bo'lish vaqti, avvalgi homila muddatiga to'g'ri kelmasligi ham norma hisoblanadi. Biroq bunda, qayta tug`uvchilarda tug`ruq alomatlari va muntazam tug`ruq jarayoni orasidagi vaqt qisqarishi ham kuzatiladi. 

Tug`ruq alomatlari har doim ham tug`ruq jarayoni boshlanishidan darak beradimi?

Tug'ruq jarayonining boshlanishi nimani anglatadi? Bu muntazam to’lg’oqlar yazaga kelishidir. Har 15-20 daqiqada 20 soniyali to’lg’oq tutadi. To’lg’oq kuchi va davomiyligi uzayadi, ular orasidagi vaqt esa qisqaradi. Muntazam tug`ruq jarayoning rivojlanishi bachadon bo`yni ochilishiga olib keladi. 

Tug'ruq alomatlari faqat muntazam tug'ruq jarayonining yaqinda boshlanishini anglatadi xolos.  Tug'ruqdan bir necha hafta oldin boshlanishi mumkin bo'lgan yolg`on to’lg’oq butunlay boshqacha tabiatga ega (yuqoriga qarang). Ular tug'ruqqa tayyorlanish, tug’ruq paytida bachadon qanday ishlashi kerakligini o’rganishga qaratilgan. Ular bachadon bo`ynining ochilishiga va tug'ruq jarayoni boshlanishiga olib kelmaydi.

Tug'ruqxonaga qachon borish kerak?

когда стоит ехать в роддом.jpg

Bu savol barcha homilador ayollarni qiziqtiradi. Keling, buni o’rganib chiqamiz. Tug'ruqxonaga qachon borish kerak:

  • Muddatiga yetmagan homiladorlikda to’lg’oqsimon og`riqlarning paydo bo`lishi. Bu holatda, iloji boricha tezroq tibbiy yordamga murojaat qilishingiz kerak. Muntazam tug`ruq jarayoni boshlanishini kutmang. Chunki ko'p hollarda tug`ruq jarayoni rivojlanishini oldini olish va homiladorlik davrini uzaytirish mumkin bo’ladi. 

  • Muddatiga yetgan homiladorlik davrida muntazam tug`ruq jarayonining boshlanishi. Tavakkal qilib, chidab, uyda tug`ruq boshlanishini kutmaslik kerak. Tug'ruq tibbiyot muassasida, shifokorlar va akusherlarning nazorati ostida kechishi lozim.

  • Homila muddatidan qat'iy nazar, qo`g`onoq oldi suvining ketishi. Qo`g`onoq oldi suvi bir vaqtning o'zida chiqib ketishi yoki oz-ozdan oqishi kuzatilishi mumkin. Agar qo`g`onoq oldi suvining har qanday ko’rinishda oqayotganidan shubhangiz bo’lsa, zudlik bilan tibbiyot muassasiga murojaat qilishingiz zarur.

  •  Homila muddatidan qat'iy nazar, jinsiy yo'llardan qonli ajralmalar paydo bo'lsa, darhol tez yordam chaqirish lozim. 

  • Homiladorlik davrida qon bosimining ko'tarilishi ham xavfli holat bo'lib, darhol tibbiy yordam talab qiladi.


предвестники родов.jpg

Xulosa chiqaramiz:

  1. Tug’ruq alomatlari tug`ruq yaqinlashayotganligini faqat bilvosita belgisidir.

  2. Tug'ruq alomatlarining yo'qligi patologiya emas.

  3. Ayol o’zida tug'ruqdan qancha vaqt oldin, muayyan o'zgarishlar sezishining aniq muddati yo'q.

  4. Keyingi homiladorlikda tug'ruq alomatlarining, aynan shu muddatda yuzaga kelishi har doim ham kuzatilmaydi. Qayta tug`uvchilarda tug`ruq alomatlari va muntazam tug`ruq jarayoni rivojlanishi orasidagi vaqt qisqarishi kuzatiladi. 

  5. Shoshilinch tibbiy yordam talab qiladigan shikoyatlar paydo bo'lsa, darhol tez yordam chaqirish lozim. 

Яндекс.Метрика