Top.Mail.Ru

Bola ingrab qoladi

Submitted on: 10.06.2025
Time to read: 7 min.
count 93697

Bu bir vaqtning o‘zida ham kulgili, ham xavotirli ko‘rinadi. Chaqaloq to’satdan qoshlarini chimirib va beshikdagi farishtadan ko‘ra hojatxonada ich qotib qolgan katta odamga ko‘proq mos keladigan tovushlar chiqaradi. Xo‘sh, nega yangi tug‘ilgan go‘dak ingrab qoladi? Bu uning ovqat hazm qilishi bilan bog‘liqmi va bu payt u qandaydir yordamga, shu jumladan tibbiy yordamga muhtojmi?

Bola nima uchun ingrab qoladi?

ребенок кряхтит.jpg


 

Ota-onalar uchun yangi tug‘ilgan chaqaloq deyarli o‘zga sayyoralikdir, u g‘alati signallar beradi va odamlar biladigan narsalarning deyarli hech birini bilmaydi. Ammo chaqaloqning o‘zi uchun ham tug‘ilish — begona sayyoraga tushib qolishdek holat.  Qani uning tor, shinam uychasi? Nima uchun atrofdagi sharoit doimo o‘zgarib turadi? Nima xohlashini va uni nima bezovta qilayotganini qanday tushuntirsa bo‘ladi?

Kichkintoyning muloqot qilish usullari unchalik ham ko‘p emas. Asosan bu yig‘i, 3-4 haftalik davrda - tabassum va chaqaloq eshitishi mumkin bo‘lgan tovushlarning cheklangan soni, shu jumladan ingrashi.
Shunday qilib, ingrash - bu o‘z holatingiz haqida xabar berish usuli. Baʼzan "hojatga bormoqchiman," gohida "qornim og‘riyapti," baʼzan "taglikni almashtirish vaqti keldi" va hokazo.

Vaqt o‘tishi bilan ona tajriba orttiradi va unga tushunarli bo‘lgan ingrash ohanglariga qarab, uning ortida nima turganini anglaydi.

Yangi tug‘ilgan chaqoloq ingrab qoladi. Xavotirlanishga hojat bormi?

Yangi tug‘ilgan go‘dak ko‘plab tushunarsiz tovushlar chiqaradi. Ularning umumiy holatiga qarab xavfsiz va xavfli turlarini bir-biridan ajratish mumkin. Agar chaqaloq bemalol nafas olayotgan bo‘lsa, ko‘krak yoki aralashmadan voz kechmayotgan bo‘lsa, muntazam ravishda siysa va taglikni iflos qilsa – demak, xavotirlanishga ehtimoliy sabab yo‘q.  

Agar  ingrashganida  bola to‘satdan oqarib yoki ko‘karib ketsa, hushtak bilan nafas olsa, darhol tez yordam chaqirish kerak.

Agar bola biroz vaqt norozi ohangda ingrab, keyin yig‘lay boshlasa, demak, u qandaydir noqulaylikni his qilayotgan bo‘lishi mumkin. Taglik to‘la emasligini, siqib turuvchi, kiyim detallari yo‘qligini, bolaga sovuq yoki aksincha, issiq emasligini tekshiring. Ehtimol, chaqaloq ochqagandir va shu sababli sabrsizlikni namoyon qila boshlagandir, balki u shunchaki zerikib, qo‘lga olinsa, tinchlanar. 

Bir oylik bola ingrab turadi

ребенок кряхтит 2.jpg


 

Bir oylikda bolaning ingrashiga sabablar qatoriga sanchiqlar ham qo‘shilishi mumkin – ular odatda 2–3 haftalikda boshlanadi va 3 oylikka yaqin pasayadi. Odatda, kechki paytlarda bezovtalik holatlari takrorlanadi. Ingrash navbatdagi yig‘i bosqini boshlanishidan darak berishi mumkin. Bunday holatda shifokor tavsiya qilgan dori vositasini berish, qorniga issiq yo‘rgak qo‘yish yoki yengil massaj qilish mumkin. 

Agar bola norozi ohangda ingrab, burni bilan xirillab nafas olayotgan bo‘lsa, burun yo‘llari qurib qolgan qatqaloqlar va shilimshiq bilan tiqilib qolmaganligini tekshiring, lozim bo‘lsa, ularni tozalang.
Ba’zan ichakda to‘plangan gazlar bolani ingrashga majbur qiladi. Agar bola ingrab, gaz chiqaryotgan bo‘lsa, unga yengil qorin massaji qiling, shuningdek, “velosiped” mashqini bajaring – bola oyoqchalarini navbatma-navbat tizzasidan bukib, qorniga bosib chiqing.

Bola uyqusida ingrab qolsa

Agar yangi tug‘ilgan chaqaloq kechasi uyqusida ingrasa, bu tovushlar bilan u ichaklarning tabiiy bo‘shashish jarayonlariga yordam berishi mumkin.
Kattalardan farqli o‘laroq, hayotining birinchi yilida chaqaloq hali o‘z istaklarini nazorat qila olmaydi va uyquda uning ovqat hazm qilish jarayoni o‘z maromida davom etadi. Chaqaloq uyg‘onmasdan turib, siyadi va axlat chiqaradi.

Shuningdek, uyquda bola ho‘l taglik yoki noqulay holat tufayli inqillashi ham mumkin. Agar o‘z vaqtida harakat qilinsa va noqulaylik ehtiyotkorlik bilan bartaraf etilsa, kichkintoy uxlashga davom etadi va ingrashi yig‘lashga aylanib ketmaydi.

Bola tinimsiz chiranib ingraydi. Nima qilish kerak?

ребенок постоянно кряхтит.jpg


 

Agar bola ingrab, kuchanadigan bo‘lsa, ota-onaning xayoliga birinchi bo‘lib chaqaloqning ichi qotib qolgan, axlat chiqara olmayapti  degan fikr keladi. Lekin bunda bolaning ichi muntazam va yumshoq bo‘lishi, yaʼni qabziyatga xos bo‘lmasligi mumkin.

Gap shundaki, yangi tug‘ilgan chaqaloqda mushak tizimining ishi hali muvofiqlashtirilmagan. Defekatsiya uchun u bir vaqtning o‘zida qorin mushaklarini taranglashtirishi va tos tubi mushaklarini bo‘shashtirishi kerak, bu esa oson emas. Kichkintoy oddiy bir harakat uchun haddan tashqari ko‘p kuch sarflaydi. Bu hodisa hatto ingrayotgan chaqaloq sindromi, yaʼni "chaqaloqlar disxeziyasi" degan ham atala boshladi. U davolanishni talab qilmaydi va ikki-uch oyda o‘tib ketadi.

Ammo bola ich qotishi fonida kuchanib, inqillayotgan bo‘lsa, unga yordam berish kerak. Ich qotishini shifokor aniqlashi kerak. Agar bolaning axlati joyidami yoki yo‘qligini mustaqil ravishda aniqlay olmasangiz, unga murojaat qiling.

Agar chaqaloq doimo chiranib, inqillab tursa-yu, ishtahasi bo‘lmasa, vazn ortishi to‘xtagan bo‘lsa, kayfiyati o‘zgargan bo‘lsa - ko‘proq yig‘lay boshlagan bo‘lsa yoki aksincha, lanj va uyquchan bo‘lib qolgan bo‘lsa - albatta shifokor bilan maslahatlashing. Kamdan-kam hollarda ingrash nevrologik muammolar yoki ovqat hazm qilish tizimi patologiyasining alomati ham bo‘lishi mumkin.
 

Xulosalar:

  1. Bolaning ingrashi, uning uchun mavjud bo‘lgan kam sonli muloqot usullaridan biridir.
     

  2. Agar yangi tug‘ilgan chaqaloq ingrayotgan bo‘lsa-yu, lekin yaxshi ovqatlanayotgan, uxlayotgan va ichaklarini muntazam bo‘shatib turayotgan bo‘lsa, xavotirga o‘rin yo‘q.
     

  3. Bir oylik bola burun shillig‘i tiqilib qolgan sanchiq yoki ichakdagi gazlar tufayli ingrashi mumkin.
     

  4. Uyquda ingrash odatda meʼyor hisoblanadi. Ovqat hazm qilish jarayonlari bola uxlab yotganida ham davom etadi.
     

  5. Agar bola doimo kuchanib, ingrab tursa, bu holat chaqaloqning diskheziyasi haqida bo‘lishi mumkin (bu davolanishni talab qilmaydi) yoki qabziyat haqida signal bo‘lishi mumkin. Bir holatni boshqasidan ajratib olishga shifokor yordam beradi.

Яндекс.Метрика