Agar siz bolalar infeksiyalari bilan ilgari ham to‘qnashgan bo‘lsangiz, termometrsiz ham, faqat chaqaloqning peshonasidan o‘pib, uning isitmasi borligini ayta olasiz. Qo‘l va oyoqlarini ushlab ko‘rsangiz esa, harorat qanchaga ko‘tarilganini ancha aniq belgilay olasiz.
Bu ehtiyotkor harakatlar orqali siz bolani na uyg‘otasiz, na qo‘rqitasiz. Agar chaqaloq issiq bo‘lsa, demak, tana haroratini o‘lchash kerak — keyingi harakatlaringiz aynan shu ko‘rsatkichga bog‘liq bo‘ladi.
Agar sizda kontaktsiz termometr bor bo‘lsa, jarayon bola uchun sezilmay o‘tadi. Agar elektron yoki simobli termometr bo‘lsa, chaqaloqning sezgir va issiq terisiga sovuq plastik yoki shisha tegishi noqulay his tuyg‘ularini keltirib chiqarmasligi uchun, uni avval kaftlaringizda bir necha daqiqa davomida isitib oling.
Agar harorat 38 darajadan past bo‘lsa, kuzatishni davom ettiring. Yarim soatdan so‘ng yana o‘lchab ko‘ring. O‘zgarmadimi yoki pasaydimi? Bir soatdan keyin yana o‘lchang.
Agar harorat ko‘tarilib, 38,5 darajadan oshsa, isitma tushiruvchi dori berish va bolaga tez-tez, oz-ozdan suv ichirib turish zarur. Bunda uni butunlay uyg‘otish shart emas. Yorqin chiroq bolani cho‘chitmasligi uchun kichik tungi chiroqni yoqing. Chaqaloqni boshini biroz ko‘tarib, lablariga sirop yoxud suv solingan qoshiqni yoki o‘lchov shpritsini yaqinlashtiring. Odatda, yarim uyqu holatidagi bola dori va bir-ikki qoshiq suvni bemalol yutib yuboradi.
Bolalarga faqat ikkita isitma tushiruvchi dori, ya’ni ibuprofen va paratsetamol preparatlarini berish mumkinligini yodda tuting. Ushbu dorilarni uch oylik yoshdan boshlab ishlatish mumkin. Qat’iy tibbiy ko‘rsatmalarga asosan, shifokor kichik bemorga bir oylik yoshidan boshlab paratsetamol tayinlashi mumkin.
Kichkintoylarga tabletka ko‘rinishidagi emas, sirop yoki to‘g‘ri ichakka yuboriladigan shamcha shaklidagi isitma tushiruvchi dorilarni qo‘llash mumkin. Dori dozasi bolaning vazni va yoshiga qarab belgilanadi. Umumiy tavsiyalarga ko‘ra, paratsetamol bolaning har bir kilogramm vazniga 15 milligramm, ibuprofen esa 10 milligramm hisobida bir martalik dozada qo‘llaniladi. Shuni yodda tutingki, bu siropning hajmi emas, balki doridagi ta’sir etuvchi moddaning miqdoridir.
Agar uxlayotgan boladagi tana haroratini mustaqil ravishda pasaytira olmasangiz, termometr 39°C dan yuqorini ko‘rsatsa, tez tibbiy yordam chaqiring.