Top.Mail.Ru

Tug‘ruqdan oldin qorin qanday pastga tushadi

Submitted on: 20.06.2025
Time to read: 5 min
count 140080

Nima uchun tug‘ishdan oldin qorin pastga tushadi?

опустился ивот перед родами.jpg

Qorinning pastga tushganligi tug‘ruqning darakchisi sifatida qaraladi, yaqin kunlar, haftalarda muntazam tug‘ruq faoliyati rivojlanishidan darak beradi. Ushbu savolga javob topishga harakat qilib, adabiyotda siz yana-da aniqroq taʼrifga duch kelishingiz mumkin – bu bachadon tubi balandligini tushirish. Xo‘sh, tug‘ishdan oldin qorin nimadan va qanaqa qilib pastga tushadi, bunga nima sabab bo‘ladi? Homiladorlikning katta muddatlarida murakkab gormonal, metabolik va boshqa o‘zgarishlar fonida tayyorgarlik (soxta) to‘lg‘oqlari paydo bo‘ladi. Bu muntazam emas, intensiv bo‘lmagan, tezligi va kuchi ortib bormaydigan, bachadon bo‘ynining ochilishiga olib kelmaydigan to‘lg‘oqdir. Ular, odatda, ayolga noqulaylik tug‘dirmaydi, to‘laqonli dam olish va uxlash imkonini beradi. Bu to‘lg‘oqlar tug‘ruqqa tayyorgarlik ko‘rishda muhim rol o‘ynaydi, chunki yaqin orada bachadonni juda katta mehnat kutadi. Ular bachadonni bo‘lajak ishga “o‘rgatadi.”

Tayyorgarlik to‘lg‘oqlari taʼsirida pastki segment (bachadon bo‘yni va tanasi o‘rtasida joylashgan) cho‘ziladi. Bachadon bo‘yni ustidagi bo‘shliq kengayadi va bachadonning oldinda keluvchi qismi erkin pastga tushadi. Agar homila boshi oldinda yotgan bo‘lsa (homila boshi pastda – bosh bilan oldinda yotgan bo‘lsa), u holda homila boshi kichik chanoq og‘ziga kelib yopishadi. Chanoq bilan oldinda yotish (chanoq qismi oldinda yotadi) da, odatda, qattiq bosish bo‘lmaydi. Shu bilan birga, chaqaloq to‘g‘rilanmaydi va uning holati juda ixcham bo‘lib qoladi – embrion holati (qo‘llar ko‘krakda kesishgan, oyoqlar kesishgan va qoringa yopishgan, iyak ko‘krakka bosilgan). Shuning uchun, pastki segmentning cho‘zilishi va oldinda yotgan qismning tushishi bilan biz bachadon tubi balandligi ko‘rsatkichining pasayishini ko‘ramiz.

Hammada ham tug‘ruqdan oldin qorin pastga tushadimi?

Barcha ayollar qornining pastga tushganini his qiladigan kunni intiqlik bilan kutishadi. Baʼzilar kutib, kun sanab yurishadi. Boshqalarga bu haqda yaqinlari aytadi. - Qorning pastga tushib ketibdi-ku. Ha, tajribali ko‘z buni darrov sezadi. Boshqalar esa bu lahzani kutib ham yetolmasligi mumkin.

Bachadon tubi balandligining pasayishi tug‘ruqdan darak beruvchi belgilardan biri bo‘lib, tug‘ruq yaqinligini ko‘rsatadi. Ammo bu uning ko‘rinishisiz tug‘ruq boshlanmasligini mutlaqo anglatmaydi. Boshlanadi. Ayol kishi har doim ham barcha tug‘ruq alomatlarini sezavermaydi. Bu holat ham me’yor hisoblanadi.

Tug‘ruqdan oldin qorin tushganini qanday bilsa bo‘ladi?

опустился живот перед родами.jpg

Ayol tug‘ishdan oldin qorni pastga tushganini qanday tushunishi mumkin? Juda oson! Hansirashni kamaytirish. Ayniqsa, gorizontal holatda – yotganda yaqqol ko‘rinadi. Agar shu paytgacha ayol yotganida hansiragan, boshiga qo‘shimcha yostiq qo‘ygan, hatto kresloda uxlagan bo‘lsa, maʼlum bir oqshomdan boshlab avvalgidek bir yostiqda uxlashi mumkin. Ayol yurganda, ozroq jismoniy yuklamada yengil va erkin nafas ola boshladi. Bachadon endi diafragmaga unchalik bosim ko‘rsatmaydi, o‘pkalar yengilroq yoziladi, o‘pkaning tiriklik sig‘imi ortadi (ammo ko‘rsatkichlar hali meʼyoriy qiymatlarga yetmaydi).

Yana nimalar ayolga qorinning tushganini bildirishi mumkin?

  • Jig‘ildon qaynashi. To‘g‘rirog‘i, uning takroriyligi va jadalligining pasayishi. Ayolning kuzatishicha, jig‘ildon qaynashi avvalgidek tez-tez, yaqqol namoyon bo‘lmaydi va vaqt bo‘yicha kamroq davom etadi. Bachadon pastga tushdi va oshqozonga bosim kamaydi, ovqatning 12 barmoqli ichakka o‘tishi tezlashdi, oshqozon shirasining qizilo‘ngachga tushishi kamaydi.

  • Tez-tez siydik chiqarish. Ha, homilador ayol shundoq ham hojatxonaga tez-tez borib turadi, deyishingiz mumkin. Ammo qorin pastga tushishi bilan siydik pufagiga bosim ortadi, uning hajmi kamayadi va ayolda qistashlar soni ko‘payadi. Bu holatda bo‘lajak ona siydik chiqarishda noqulaylik va og‘riqni his qilmaydi.

  • Qabulda vaqtida akusher-ginekolog sizning korinning pastga tushishi haqidagi taxminingizni tasdiqlaydi. Xo‘sh, shifokor bu xulosani qanday asoslarga ko‘ra chiqaradi? Har bir qabulda shifokor qorin aylanasi va bachadon tubi balandligini o‘lchaydi (qov bo‘g‘imining yuqori chekkasi o‘rtasidan bachadon tubigacha bo‘lgan masofa). Bu shifokor uchun juda muhim ko‘rsatkichlar! Natijalar almashuv kartasiga yozib qo‘yiladi. Har bir tashrifda bachadon tubi balandligining ham, qorin aylanasining ham ravon o‘sishi kuzatiladi. Ammo tug‘ruqqa yaqinroq bo‘lgan muolajalardan birida bachadon tubi balandligi ko‘rsatkichining pasayishi va qorin aylanasining sezilarli darajada kattalashishi qayd etiladi– qorincha pastga tushdi.

  • Shuningdek, bo‘lajak ona qornining pastga tushishini o‘zi ham sezishi mumkin. Yoki bu haqda unga tashqaridan gapirishadi. O‘zgarishlar vizual ravishda qanday ko‘rinadi? Bachadon tubi balandligi pasayguncha qorin yumaloq bo‘ladi, uning kattalashishi xanjarsimonsimon o‘simtadan boshlanadi (bachadon butun qorin bo‘shlig‘ini egallaydi). Qorin pastga tushgandan so‘ng, vizual ravishda qorin kichraygan, ammo shu bilan birga u oldinga sezilarli darajada og‘adi (go‘yo qorin osilib turgandek) va aylana bo‘ylab kattalashadi.

Tug‘ruqdan qancha vaqt oldin qorin pastga tushadi?

опускание живота перед родами.jpg

Barcha homilador ayollar o‘zlariga savol berishadi: tug‘ruqdan qancha vaqt oldin qorin pastga tushadi? Qorinning pastga tushishi chaqaloq tug‘ilishidan bir necha hafta oldin sodir bo‘lishi yoki sodir bo‘lmasligi mumkin. Homilaning pastga tushishi yoki tushmasligi ko‘p omillarga bog‘liq - homilaning kelishi, uning vazni, chanoq o‘lchamlari, biriktiruvchi to‘qimalarning elastikligi, homila atrofi suyukliklari miqdori, ayol ko‘tarib yurgan homilalar soni... To‘ladan kelgan ayollarda qorinning tushishini aniqlash biroz qiyinroq bo‘ladi va ko‘zga yaqqol tashlanmaydi. Agar ayol qorinning pastga tushganini va shu bilan bog‘liq o‘zgarishlarni sezmayotgan bo‘lsa, bu tug‘ruq kechikadi va chaqaloq shifokor belgilagan muddatdan kech tug‘iladi degani emas.

Birinchi va qayta tug‘ayotgan ayollarda tug‘ruqdan oldin korni qanday pastga tushadi. Ular o‘rtasida farq bormi?

Qorinning pastga tushishi nafaqat chaqaloq bilan uchrashishni kutayotgan birinchi marta tug‘ayotgan ayollarni, balki qorin pastga tushishi bilan biroz yengillik kelishini o‘z tajribasida biladigan qayta tug‘ayotgan ayollarni ham hayajonlantiradi. Keling, tug‘ruqdan oldin qorin qanday pastga tushishini birinchi marta tug‘ayotgan ayollar va qayta tug‘ayotgan ayollar orasida ko‘rib chiqaylik — va farqi nimada ekanligini aniqlaylik. Birinchi marta tuqqan ayollarda homiladorlik, tug‘ruqqa tayyorgarlik, tug‘ruq bilan bog‘liq o‘zgarishlar hali hech qachon uchramagan.
Bu o‘zgarishlarning hammasi uning uchun yangi, nomaʼlum. Shuning uchun barcha jarayonlar, shu jumladan, ularning darakchilari ko‘rinishidagi tug‘ruqqa tayyorgarlik ham sekin kechadi. Qorinning pastga tushishini ayol chaqaloq tug‘ilishidan 2, hatto 4 hafta oldin sezishi mumkin. Qayta tug‘adigan ayollarda tug‘ishga tayyorgarlik ko‘rish uchun organizm kam vaqt sarflaydi, chunki bu jarayon allaqachon tanish. Shuning uchun ayol qornining pastga tushishini tug‘ruqdan bir necha kun oldin sezishi mumkin. Shuni taʼkidlash kerakki, bu faqat umumiy populyatsiya tendentsiyasidir. Har bir ayol, uning har bir homiladorligi va har bir chaqaloq betakrordir.

Xulosa qilamiz:

  1. Tug‘ruqdan oldin qorinning pastga tushishi organizmda tug‘ruqqa tayyorgarlik ko‘rishga qaratilgan o‘zgarishlar natijasida sodir bo‘ladi.

  2. Hansirashning kamayishi, jig‘ildon qaynashi, siydik chiqarishining tezlashishi, qorin shaklining o‘zgarishi bilvosita bachadon tubi balandligining pasayishidan dalolat berishi mumkin.

  3. Tug‘ruqdan oldin qorin pastga tushishi hamma ayollarda ham kuzatilmaydi.

  4. Qayta tug‘ayotgan ayollarda qorinni tushirish va tug‘ruq o‘rtasidagi vaqtni kamaytirish tendensiyasi kuzatilmoqda.

Яндекс.Метрика