Nima uchun bola tilini chiqaradi?
Bolaning tilini chiqarishining sabablari ko‘p, ularning "jiddiylik" darajasi esa ancha keng: oddiy zerikishdan tortib, jiddiy kasalliklargacha. Keling, nega til chiqarish holati ham go‘daklarda, ham katta yoshdagi bolalarda kuzatilishi mumkinligini aniqlab olaylik:
- O‘yin, ermak tarzidagi harakat. Go‘daklarning qiziqarli mashg‘ulotlari ko‘p emas. O‘zingiz tasavvur qiling: nafaqat mustaqil o‘tirish, hattoki boshni ko‘tarish yoki qo‘l bilan biror narsani ushlash ham qiyin bo‘lgan holatda zerikmaslik oson emas. Tilini chiqarib, chaqaloq yaxshi kayfiyatda ekanini namoyon qilayotgan bo‘lishi yoki shunchaki o‘ynayotgan bo‘lishi mumkin.
- Ochlik yoki chanqoqlik. Agar chaqaloq og‘zini ochib, tili bilan so‘rish harakatlarini qilsa, u shunchaki och qolgan bo‘lishi mumkin. Agar bu nozik ishoraga e’tibor bermasangiz, ko‘p o‘tmay och go‘dak o‘z istaklarini baland yig‘i bilan bildiradi va bu holda siz adashmasligingiz aniq.
- Xonadagi quruq havo va issiqlik. Bunday holatda shilliq qavatlar quriydi va bola til harakatlari bilan beixtiyor og‘zini namlashga urinadi.
- Tishlarning chiqishi. Milklar qichishib og‘riganda, kichkintoy tishlash uchun mo‘ljallangan maxsus o‘yinchoq o‘rniga tilidan foydalanadi, u bilan milklarini uqalaydi.
- Chaynash va gapirish uchun tayyorgarlik. Til - bu mushak bo‘lib, unga ham mashq qilish zarur. Bola tilini harakatlantirganida, jumladan uni tashqariga chiqarganida, u tabiat tomonidan belgilangan rivojlanish dasturini bajaradi. Xuddi shu tarzda, u avval ag‘darilishga, so‘ng o‘tirishga, oyoqqa turishga va qadam tashlashga urinadi.
Bu sabablar tabiiy sabablar toifasiga kiradi. Ular erta yoshda namoyon bo‘ladi va taxminan bir yil ichida hech qanday tashqi aralashuvsiz o‘tib ketadi.
Agar 2–3 yoshli bola doim tilini chiqarib yuradigan bo‘lsa, bu holatga tabiiy tushuntirish topish ancha qiyinroq bo‘ladi. Ehtimol, bunga sabab qandaydir patologiya bo‘ladi. Istisno faqatgina shunday holatda bo‘ladi: bola tilini chiqarayotgan bo‘lsa va bu holat rasm chizish yoki diqqat talab qiladigan boshqa bir mashg‘ulot bilan shug‘ullanayotgan paytda yuz bersa. Muayyan yoshgacha bunday beixtiyor harakatlar normal holat sanalib, miyada yangi neyron aloqalarining shakllanayotganidan darak beradi. Biroq, agar bola 5 yoshdan oshgan bo‘lsa-yu, aqliy yoki ijodiy faoliyat bilan band paytlarda tilini chiqarishni davom ettirsa, nevropatolog bilan maslahatlashish lozim.
Maktabgacha yoshdagi bolada tilini chiqarishga bo‘lgan doimiy istak ba’zida yomon odat bo‘lishi mumkin, ba’zida esa kuchli hayajonning belgisi sifatida namoyon bo‘ladi. Bunday holatlarni ham, ularni to‘g‘rilash yo‘llarini ham shifokor bilan muhokama qilish zarur.