Top.Mail.Ru

Сhaqaloqlardagi liqildoq

Submitted on: 18.07.2025
Time to read: 3 daqiqa
count 50656

Chaqaloqning boshida “yumshoq joy” bor bo‘lib, uning ostida suyak sezilmaydi. Aslida u yerda suyakning o‘zi yo‘q. Yosh ota-onalar bu holatdan xavotirlanishi mumkin, vaholanki, bolaning boshidagi ushbu suyak bilan qoplanmagan joy, ya’ni liqildoq – bu tabiatning dono sovg‘asidir. U chaqaloqqa tug‘ilgandan keyingi dastlabki oylarda duch keladigan ko‘plab qiyinchiliklarni yengishda yordam beradi. Keling, liqildoq nima uchun kerakligini, uning qanday ko‘rinishda bo‘lishini va qachon yopilib ketishini ko‘rib chiqaylik.

Bolalarning to‘g‘ri rivojlanishida liqildoqlarning ahamiyati

Aslida, yangi tug‘ilgan chaqaloqda bitta emas, balki oltita liqildoq mavjud. Ular qanday paydo bo‘ladi? Gap shundaki, insonning bosh suyagi bir necha qismdan tashkil topgan. Chaqaloq tug‘ilgan paytda bu qismlar qattiq chok bilan emas, balki harakatchan membrana - elastik parda bilan birlashgan bo‘ladi. Shu sababli ular bir-biriga nisbatan ozgina siljiy oladi. Bunday tuzilish tufayli liqildoqlar bir nechta muhim vazifalarni bajaradi:

  • Chaqaloq dunyoga kelishiga yordam beradi. Yangi tug‘ilgan chaqaloqning boshi tanasining eng katta qismi bo‘ladi. Uning tug‘ruq yo‘llaridan o‘tishi – eng mushkul jarayon. Ammo liqildoqlar tufayli bosh suyaklari biroz siljiy olishi sababli, bosh aylanasi kichrayadi. Bu esa chaqaloqning tug‘ruq yo‘llarida tiqilib qolishi, jarohatlanishi va onani jarohatlashi xavfini kamaytiradi.
  • Bosh miya o‘sishiga imkoniyat yaratadi. Chaqaloq tug‘ilganidan keyingi dastlabki oylarda uning miyasi ayniqsa tez rivojlanadi. Hayotining birinchi yili davomida esa miya hajmi taxminan ikki baravarga kattalashadi. Liqildoqlar o‘sayotgan bosh miya uchun yetarli joyni ta’minlaydi.
  • Zarbalarni yumshatadi. Albatta, bolakayni tasodifan yiqilishlardan imkon qadar asrash kerak. Lekin, agar bunday noxush hodisa sodir bo‘lsa yoki bola boshini tutib turolmay tasodifan urib olsa, liqildoq zarbani biroz yumshatadi.
  • Issiqlik almashinuvida ishtirok etadi. Chaqaloqqa haddan tashqari issiq bo‘lganda, issiqlikning bir qismi liqildoq orqali chiqib ketadi. Natijada miya qizib ketmaydi.

Liqildoqlar qayerda joylashgan

Chaqaloqning boshidagi eng ko‘zga tashlanadigan liqildoq – bu katta yoki oldi liqildoq. U peshona va tepa suyaklarining tutashgan joyida – bosh yuqori qismining taxminan markazida joylashgan.

Bundan tashqari, chaqaloqda yana bir nechta kichik liqildoqlar ham bo‘lishi mumkin:

  • Orqa (kichik) liqildoq - boshning ensa qismida, tepa va ensa suyaklarining tutashgan joyiga yaqin joylashgan.
  • Yon liqildoqlar - ko‘pchilik bolalarda tug‘ilish paytiga kelib yopiq bo‘ladi yoki hayotining dastlabki kunlarida yopilib ketadi. Ular chakka sohasida joylashgan bo‘ladi.

Chaqaloqning liqildog‘i qanday bo‘lishi kerak

Katta liqildoqning chegaralarini barmoqlar bilan ohista paypaslab ko‘rsangiz, uning romb shaklida ekanligini sezasiz. Diqqat bilan qarasangiz, liqildoqdagi pulsatsiyani payqaysiz. Bunday yengil pulsatsiya tabiiy holat hisoblanadi, chunki liqildoq ostidan qon tomirlari o‘tadi. Ammo, boshqa holatlar kasallikdan darak berishi mumkin:

  • Liqildoqning bo‘rtib chiqishi bosh chanog‘i ichki bosh bosimining oshishi yoki tana haroratining ko‘tarilganidan dalolat berishi mumkin. Haroratni darhol o‘lchash imkoniyatingiz bo‘lishi mumkin, ammo chaqaloqda bosh chanog‘i ichki bosimi me’yorida ekanligini faqat shifokor aniqlay oladi.
  • Liqildoqning ichiga botib qolishi - suvsizlanish belgisidir. Bu bolaning hayotiga xavf soladigan jiddiy holat bo‘lib, shoshilinch tibbiy yordamni talab qiladi. Odatda, buni ichak infeksiyalari, yuqori harorat yoki qizib ketish keltirib chiqaradi. Bolaga tez-tez oz-ozdan suv ichirib turing, ammo bu vaziyatni o‘zingiz hal qilishga urinmang. Kunduzimi, kechasimi, vaqtga qaramay darhol tez yordam chaqiring
  • Qattiq liqildoq – hayotining dastlabki oylarida chaqaloq uchun bu xos emas. Agar liqildoq juda erta yopilayotganini sezsangiz, bunga amin bo‘lish va, kerak bo‘lsa, yordam olish uchun shifokorga murojaat qiling.

liqildoq o‘lchamlari me’yori

Bola tug‘ilgan paytda katta liqildoq o‘z nomini oqlaydigan darajada katta, ya’ni diametri 2 dan 3,5 cm gacha: taxminan ming so‘mlik tangaga teng hajmda bo‘ladi.

Chaqaloq ulg‘aygan sari, uning liqildog‘i tobora kichrayib boradi – u asta-sekin yopilib, oxir-oqibat butunlay bitib ketadi. Olti oylikda liqildoqning o‘rtacha hajmi taxminan 1,5 sm bo‘ladi. To‘qqiz oylikda esa u 1 santimetrga yetadi.

Har bir bola o‘ziga xos ekanligini yodda tutish lozim. Hattoki o‘rtacha ko‘rsatkichlardan sezilarli farq ham kim uchundir kasallik belgisi, kim uchundir me’yor bo‘lishi mumkin. Chuqur tibbiy bilimga ega bo‘lmagan ona o‘z chaqalog‘ining liqildog‘i hajmi yosh ko‘rsatkichlariga mos kelish-kelmasligini mustaqil aniqlashi deyarli imkonsiz. Agar farzandingizning liqildog‘i sizningcha juda katta yoki juda kichik bo‘lsa, bu masalani albatta patronaj ko‘rigida aniqlashtiring yoki shifokor qabuliga boring.

Liqildoq qachon bitadi

Katta liqildoq, odatda, 1,5 yoshga kelib, ya’ni 18 oylikda yopiladi. Biroq ba’zi chaqaloqlarda u 3-6 oylikdayoq deyarli to‘liq yopilishi mumkin, boshqalarida esa ikki yoshgacha ham saqlanib qolishi kuzatiladi. Bundan tashqari, ayrim kishilarda (aholining atigi bir necha foizida) liqildoq umuman to‘liq bitmasligi mumkin.

Liqildoqning yopilish tezligiga nimalar ta’sir ko‘rsatadi?

  • Genetika – masalan, ona yoki ota oilasida liqildoqning erta yoki kech yopilishi kabi irsiy xususiyat avloddan avlodga o‘tishi mumkin.
  • Moddalar almashinuvi va chaqaloqning ovqatlanish ratsioni – D vitamini va kalsiy miqdori me’yorida bo‘lganida, liqildoqning yopilishi normad muddatlarda sodir bo‘ladi.
  • Bolaning o‘sish sur’ati – yirik gavdali bolalarda ba’zan liqildoq tezroq bitadi.

Liqildoqning erta (3 oygacha) yoki kechroq (2 yoshdan keyin) yopilishi kasallik, tanada biron moddaning yetishmasligi yoki ortiqchaligidan darak berishi mumkin.

Odatda, chaqaloqning organizmida kalsiy, shuningdek, uning so‘rilishi uchun zarur bo‘lgan D vitamini haddan tashqari ko‘p bo‘lsa, liqildoq erta bitadi. Bundan tashqari, liqildoqning erta yopilishiga miyaning jiddiy tug‘ma kasalliklari, masalan, mikrotsefaliya sabab bo‘lishi mumkin. Shu bois, liqildog‘i tez bitayotgan bola  shifokor nazoratida  bo‘lishi va holat bo‘yicha chuqurroq tekshirlar o‘tkazilishi kerak. 

Katta liqildoq sekin yoki kech bitishining eng ko‘p uchraydigan sabablaridan biri –  bu kalsiy yetishmovchiligi, D vitamini tanqisligi va raxit kasalligidir. Bundan tashqari, muddatidan oldin tug‘ilgan chaqaloqlarda chaqaloqlarda va Daun sindromi bilan tug‘ilgan bolalarda ham liqildoq kechroq yopiladi. Qalqonsimon bez faoliyatidagi buzilishlar ham liqildoqning bitish muddatiga ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Odatda, chaqaloqlardagi liqildoq hech qanday muammoga sabab bo‘lmaydi. Ko‘pincha ota-onalar uni faqat pediatrga navbatdagi tashrif chog‘ida eslashadi. Bolaning boshidagi yumshoq joydan qo‘rqish kerak emas. U chaqaloqqa hech qanday noqulaylik keltirmaydi. Ammo uni kuzatib borish lozim. Me’yordan chetga chiqishning dastlabki alomatlari paydo bo‘lishi bilan, zudlik bilan shifokorga murojaat qilish zarur.

Xulosalar

  1. Chaqaloq boshidagi liqildoq – bosh suyaklari orasidagi yumshoq joy bo‘lib, boshning tepa qismida joylashgan. U bolaning kallasi tug‘ruq yo‘llaridan oson o‘tishga ko‘maklashadi, miyaning tez o‘sishiga imkon yaratadi va uni haddan tashqari qizib ketishdan himoyalaydi.
  2. Bolaning boshida katta liqildoqdan tashqari, yana kichik orqa va yon liqildoqlar ham mavjud. Yon liqildoqlar boshning chakka sohasida, orqa liqildoq ensa qismida, katta liqildoq esa tepa qismida joylashgan.
  3. Katta liqildoq romb shaklida bo‘ladi. U boshda ko‘zga tashlanmaydi, ammo yengil pulsatsiya qilishi mumkin.
  4. Yangi tug‘ilgan chaqaloqning liqildog‘i o‘rtacha 2,5 cm diametrga ega bo‘ladi.
  5. Ko‘pchilik bolalarda liqildoq bir yarim yoshga kelib to‘liq bitib ketadi. Liqildoqning juda erta yoki juda kech yopilishi kasallik belgisi bo‘lishi mumkin. Bunday holatlar shifokor nazorati ostida bo‘lishini talab etadi.
Яндекс.Метрика